Skip Links

News Item

YXHT O‘zbekistonda ayollar mehnat migratsiyasi uchun mustahkamroq boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi

Issued on:
Issued by:
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

Xorijda ishlagan ayollar vatanlariga qaytganda, ular nafaqat moliyaviy yordam, balki O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi ko‘nikmalar, noyob istiqbollar va foydalanilmagan salohiyatni olib kelishadi. Lekin ular qaytib kelganlarida  muvaffaqiyatga erishishlari uchun barcha zarur vosita va qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishini qanday ta’minlash mumkin?

Ushbu muammolarni hal qilish uchun YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mehnat migratsiyasini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi milliy hamkorlar bilan birgalikda Toshkentda mehnat migrantlari  bo‘lgan ayollarning tajribasini muhokama qilish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning iqtisodiy reintegratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni o‘rganish uchun seminar o‘tkazdi.

Migratsiya hayotni o‘zgartiradigan imkoniyatlarni taqdim etsa-da, ayollar uchun bu yo‘l ko‘pincha mahalliy mehnat bozorlarida yo‘l topishdan tortib, qaytib kelganidan keyin moliyaviy resurslardan foydalanishgacha bo‘lgan o‘ziga xos qiyinchiliklar bilan birga keladi.

Ishtirokchilar loyiha natijalariga hamda ayollar bilan vatanga qaytishdan oldin va keyin ishlaydigan davlat va xalqaro tashkilotlarning real tajribasiga tayandilar.

O‘zbekistonda migrant oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan birgalikda biz qaytib kelgan ayollarni iqtisodiy reintegratsiya qilishga qaratilgan kaskadli treninglar dasturini amalga oshirmoqdamiz. Biz ularga talab yuqori bo‘lgan kasblar, IT-texnologiyalar va moliyaviy savodxonlikni o‘zlashtirishga yordam beradigan murabbiylarni tayyorlaymiz," - dedi O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva.

Seminar davlat tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda mehnat migratsiyasi boshqaruvini takomillashtirish va xotin-qizlarning iqtisodiy reintegratsiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy, genderga yo‘naltirilgan yondashuvlarni belgilash imkonini bergan maydonga aylandi.

YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen ayollarning imkoniyatlarini kengaytiradigan xavfsiz, inklyuziv migratsiya mexanizmlarini yaratishda ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim rolini ta’kidladi:

"Mehnat migratsiyasini samarali va gender yondashuvli  boshqarish ayollarning o‘z vatanlariga ishonch bilan qaytishi, xorijda olgan ko‘nikma va tajribalarini qo‘llashi, shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga to‘laqonli hissa qo‘shishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat."

Tadbir doirasida YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot vakillari ishtirokida yuqori darajadagi panel muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar institutsional hamkorlikni mustahkamlash va migratsiya davrining barcha bosqichlarida migrant ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xizmatlar sifatini oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Seminar YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining ikki yillik Xotin-qizlarning mehnat migratsiyasini samarali boshqarish va qaytib kelgan ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashish" loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda. Loyiha milliy hamkorlarga mehnat migratsiyasini gender nuqtai nazaridan boshqaruvni  mustahkamlash , institutsional hamkorlikni kuchaytirish va qaytib kelgan ayollarning barqaror iqtisodiy reintegratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirishda yordam beradi. Loyiha  Germaniya, Norvegiya, Turkiya va Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtirilgan.


Contacts

Guzal Fayzieva

Media and Communication Programme Associate

OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

121 Zulfiyaxonim Street, Shayxontohur District
100128 Tashkent
Uzbekistan