News Item

Markaziy Osiyo ayol jurnalistlari Toshkentda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirmoqda

Issued on:
Issued by:
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

14–15-sentabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Ikkinchi Markaziy Osiyo ayol media mutaxassislari konferentsiyasi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan kelgan 100 nafardan ortiq ayol jurnalist hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarini birlashtirdi.

Ikki kunlik konferentsiya ayol jurnalistlar duch keladigan amaliy muammolarga, jumladan, onlayn-tazyiq, kiberstalking, shaxsiy ma'lumotlarning tarqalib ketishi, oila a'zolariga qilingan tahdidlar hamda jurnalistning obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan urinishlarga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar ayollarning rahbarlik va boshqaruv lavozimlarini egallashiga to‘sqinlik qiluvchi «ko‘rinmas to‘siqlar» muammosini, shuningdek, tahririyatlarni boshqarish masalalari va butun mintaqadagi ayol media mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qildilar.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen jurnalistlar xavfsizligi OAV erkinligi bilan bevosita bog‘liqligini ta'kidladi.

«Ayol jurnalistlar alohida xavf-xatarlarga duch kelishmoqda. Onlayn-tazyiq tezda shaxsiy tahdidlarga – kiberstalking va maxfiy ma'lumotlarni oshkor qilishdan tortib, oila a'zolariga qilingan tahdidlar hamda jurnalist obro‘siga putur yetkazishga urinishlargacha aylanib ketishi mumkin. Birorta ham mamlakat bu muammolarga yolg‘iz o‘zi bardosh bera olmaydi. Raqamli tahdidlar chegaralarni soniya ichida kesib o‘tadi, bizning hamkorligimiz ham shunga mos bo‘lishi shart. Tajriba almashganimizda, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganimizda va birgalikda harakat qilganimizda yanada kuchliroq bo‘lamiz».

YXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili ofisining loyiha xodimi Paloma Madrigal ham ayol jurnalistlarni ta'qiblar, qo‘rqitishlar va gender zo‘ravonlikdan himoya qilish muhimligini ta'kidlab o‘tdi.

«Ayol jurnalistlarning ovozini o‘chirish plyuralizmni cheklaydi va demokratiyani zaiflashtiradi. Gender zo‘ravonlik, tazyiq va qo‘rqitishlarga uchragan ayol jurnalistlar jamoatchilik muhokamasidan tobora siqib chiqarilmoqda, bu esa jamiyatni erkin va plyuralistik media muhiti uchun muhim bo‘lgan turfa xil ovozlar, qarashlar hamda tajribadan mahrum qilmoqda».

Konferentsiyaning asosiy natijalaridan biri gender-sezgir jurnalistika bo‘yicha yagona mintaqaviy tavsiyalarni yakuniga yetkazish va imzolash bo‘ldi. Ushbu tavsiyalar Markaziy Osiyodagi tahririyatlar uchun gender masalalarini inobatga olgan holda yoritish ishlarini takomillashtirishda amaliy asos yaratadi.

Shuningdek, konferentsiya 2024-yilda tuzilgan ayol media mutaxassislarining mintaqaviy tarmog‘ini mustahkamladi. Ishtirokchilar tajriba almashish, professional aloqalarni o‘rnatish hamda mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro yordam ko‘rsatish yo‘li bilan konferentsiyadan keyin ham tarmoq faolligini saqlab qolish yo‘llarini muhokama qildilar.

Konferentsiya O‘zbekiston Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Tojikiston ayol jurnalistlari milliy koalitsiyasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamda O‘zbekiston milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirni tashkil etishga YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, BMTning ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha tashkiloti, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi, Shveysariyaning taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamda boshqa hamkorlar ko‘mak ko‘rsatdilar.


Contacts

Guzal Fayzieva

Media and Communication Programme Associate

OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

121 Zulfiyaxonim Street, Shayxontohur District
100128 Tashkent
Uzbekistan