News Item
Toshkentda Markaziy Osiyo chegaralari xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha mintaqaviy kinologik o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi
- Issued on:
- Issued by:
- OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan
2026-yil 5-9-oktabr kunlari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida «Qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni aniqlash» mavzusida besh kunlik ixtisoslashtirilgan mintaqaviy o‘quv kursini tashkil etdi. Kursda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va mezbon mamlakat O‘zbekistondan chegara xavfsizligi va bojxona organlarining 15 nafar xodimi ishtirok etdi.
Amaliy mashg'ulot
Bir haftalik intensiv o‘quv dasturi noqonuniy olib o‘tilayotgan o‘qotar qurollar, an’anaviy o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari kinologiya bo‘linmalarida instruktorlar salohiyatini oshirish va faoliyatni baholashning yagona mezonlarini joriy etishga qaratildi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida hidlarning tarqalish xususiyatlari, begona hidlarning ta’sirini oldini olish usullari, havo oqimlarini tahlil qilish hamda turli sharoitlarda, jumladan, transport vositalarini tekshirish va odamlar gavjum joylarda qidiruv ishlarini tizimli tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, xizmat itlarining farovonligini ta’minlash, stress belgilarini aniqlash va ularning sog‘lig‘ini saqlash orqali xizmat vazifalarini bajarishga doimiy shayligini ta’minlashga qaratilgan maxsus o‘quv modullari ham o‘tkazildi.
Kinologik faoliyatga oid amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish bilan bir qatorda, ishtirokchilar idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va davlatlar o‘rtasida axborot almashinuvini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Qo‘shma mashg‘ulotlar va tajriba almashish jarayonida ishtirokchilar standart operatsion tartib-taomillarni o‘zaro muvofiqlashtirish ustida ishladilar. Bu esa mintaqaviy miqyosda tezkor ma’lumot almashinuvini takomillashtirish hamda noqonuniy aylanma bilan shug‘ullanuvchi tarmoqlarga qarshi kurashish va chegaralarda ularning faoliyatiga chek qo‘yish choralarini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
«Ushbu seminar davomida o‘rnatilgan professional aloqalarni yanada rivojlantirish zarur, deb hisoblaymiz. Tajriba almashishni davom ettirish, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, xizmat itlari va kinologlarni tayyorlash usullarini takomillashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bularning barchasi Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi», - dedi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi direktori, polkovnik Farrux Qahhorov.
O‘quv kursining ochilish marosimi
YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen ta’kidlaganidek:
«YXHT chegara va bojxona xizmatlariga umumiy xavfsizlik muammolarini hal etishda yordam beradigan amaliy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu o‘quv kursi orqali biz o‘zbekistonlik instruktorlarning Buyuk Britaniyada olgan bilim va tajribalarini Markaziy Osiyoning barcha besh mamlakati hamkasblari bilan bo‘lishishiga ko‘maklashdik. Shu tariqa, avvalgi o‘quv mashg‘ulotlari natijalari bir mamlakat doirasidan chiqib, butun mintaqa uchun foyda keltirmoqda».
Mazkur o‘quv kursi YXHTning “O‘zbekistonning Afg‘onistondan kelib chiqadigan transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini mustahkamlash” nomli budjetdan tashqari loyihasi doirasida Germaniya, Shvetsiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Finlyandiya va Fransiya davlatlarining moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi.