News Item

YXHT O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari uchun sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazdi

Issued on:
Issued by:
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) ning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori YXHTning Transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish departamentining Terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda huquqni muhofaza qilish organlarida sun’iy intellektdan (SI) mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha ikki kunlik o‘quv kursini tashkil etdi. 21-22-oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan ushbu o‘quv kursi milliy huquqni muhofaza qilish va ixtisoslashtirilgan idoralar vakillarini bir davra atrofida jamladi. Unda inson huquqlarini ta’minlash, maxfiy ma’lumotlar xavfsizligini saqlash va mas’uliyatni belgilagan holda, sun’iy intellekt vositalaridan soha faoliyatida qanday samarali foydalanish mumkinligi ko‘rib chiqildi.

Huquqni muhofaza qilish organlarida sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha o‘quv kursining ochilish marosimi

Sun’iy intellekt davlat muassasalari uchun yangi imkoniyatlar yaratib borayotgan bir paytda, uning huquqni muhofaza qilish faoliyatida qo‘llanilishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar va zarur himoya choralarini e’tibor bilan baholash muhimdir. Sun’iy intellekt vositalaridan axborotni tahlil qilish, hujjatlarni tayyorlash, tarjima qilish va boshqa kundalik vazifalarni bajarishda yordam sifatida foydalanish mumkin. Biroq, ular xato yoki to‘qima ma’lumotlarni taqdim etish ehtimoli katta. Shu bois, professional mulohaza, ma’lumotlarni mustaqil tekshirish va inson nazoratini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

“Huquqni muhofaza qilish organlarida sun'iy intellektni qo'llash alohida e'tibor talab qiladi. Huquqni muhofaza qilish organlarining qarorlari va harakatlari shaxslar va jamoatchilik ishonchi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun yangi texnologiyalar inson huquqlari va maxfiy ma'lumotlarni himoya qilish hamda inson tomonidan tegishli nazorat asosida qo'llanilishi kerak,” - dedi YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen o‘zining ochilish nutqida.

Ikki kun davomida ishtirokchilar huquqni muhofaza qilish faoliyatida sun’iy intellektni qo‘llashning amaliy jihatlari, jumladan, hujjatlarni tahlil qilish, hisobotlar tayyorlash va axborotni izlab topish imkoniyatlari bilan tanishdilar. Trening davomida axborot xavfsizligi bilan bog‘liq xavf-xatarlar, xususan, xizmat faoliyatiga oid, shaxsiy yoki maxfiy ma’lumotlarni ommaviy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan sun’iy intellekt vositalariga kiritish bilan bog‘liq xatarlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishtirokchilar maxfiy ma’lumotlar bilan yanada xavfsiz muhitda ishlash uchun muqobil yechim sifatida mahalliy qurilmalarda ishga tushiriladigan sun’iy intellekt modellarining imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Ishtirokchilar tomonidan sun’iy intellektdan, jumladan, terrorizmga qarshi kurashishda mas’uliyat bilan foydalanishni ta’minlovchi huquqiy kafolatlarni hamda INTERPOL va BMTning Mintaqalararo jinoyatchilik va odil sudlov tadqiqotlari institutining (UNICRI) huquqni muhofaza qilish faoliyatida sun’iy intellektni mas’uliyat bilan joriy etishga qaratilgan qo‘llanmasini ko‘rib chiqildi. Amaliy mashqlar samarali so‘rovlar (prompts) tuzish, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan natijalarni tekshirish hamda inson nazorati va mas’uliyatini qo‘llashga qaratildi.

Trening YXHT Kotibiyatining CLEAR (Zo‘ravon ekstremizm va terrorizmga olib keluvchi radikallashuvning oldini olish va unga qarshi kurashishda tanqidiy fikrlash, axborot va media savodxonligi, sun’iy intellektdan axloqiy foydalanish hamda barqarorlikni mustahkamlash) loyihasi doirasida qo‘llab-quvvatlandi. Loyiha Finlandiya, Germaniya, Norvegiya va AQSh tomonidan moliyalashtiriladi.

CLEAR loyihasi YXHT ishtirokchi davlatlarining zo‘ravon ekstremizm va terrorizmga olib keluvchi radikallashuvning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasidagi kompleks yondashuvlarini mustahkamlashga ko‘maklashadi. Bunda onlayn muhitda namoyon bo‘ladigan va aynan shu muhitdan kelib chiqadigan tahdidlar, shuningdek, internet, yangi texnologiyalar va sun’iy intellektdan terroristik maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarlarga qarshi kurashishda inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Mazkur trening, shuningdek, YXHT doirasida siyosiy-harbiy hamda iqtisodiy va ekologik yo‘nalishlarni o‘zida birlashtirgan holda, yo‘nalishlar o‘rtasidagi hamkorlikni namoyish etdi. Ushbu hamkorlik sun’iy intellekt bilan bog‘liq imkoniyatlar va muammolarni ham xavfsizlik, ham iqtisodiy va ekologik jihatlarni hisobga oluvchi yaxlit yondashuv asosida hal etish muhimligini ko‘rsatib beradi.


Contacts

Guzal Fayzieva

Media and Communication Programme Associate

OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

121 Zulfiyaxonim Street, Shayxontohur District
100128 Tashkent
Uzbekistan