News Item
YXHT O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga kuzatuv uskunalarini topshirdi
- Issued on:
- Issued by:
- OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan
- Fields of work:
- Чегара режими
Joriy yilning 3 fevral kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga 40 dona videokuzatuv (CCTV) kameralarini topshirdi. Ushbu uskunalarni taqdim etish munosabati bilan rasmiy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashabbus chegara boshqaruvi va kuzatuv imkoniyatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Topshirilgan videokameralar O‘zbekiston hududidagi muhim chegara o‘tkazish punktlarida o‘rnatiladi. Ularni joylashtirishda O‘zbekiston - Afg‘oniston chegarasida joylashgan strategik ahamiyatga ega «Ayritom» chegara o‘tkazish punktiga ustuvorlik beriladi. Ushbu tashabbus mamlakat chegaralarida monitoring, xavfsizlik va operativ nazoratni sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi.
“YXHT Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari bilan hamkorlikda ushbu zamonaviy kuzatuv uskunalarini taqdim etayotganidan mamnun. Ushbu xayriya mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka yo‘naltirilgan aniq sarmoyadir. Ayritom va boshqa muhim o‘tkazish punktlarida o‘rnatiladigan ushbu kameralar chegara xodimlariga kuzatuvni kuchaytirish, noqonuniy faoliyatni aniqlash imkoniyatlarini yaxshilash hamda o‘tkazish punktlari xavfsizligini ta’minlashda yordam beradi. Biz Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga samarali hamkorlik va fidokorona hamjihatlik uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etgan Qo‘shma Shtatlarning saxovatli moliyaviy hissasi uchun alohida tashakkur izhor etamiz”, - dedi YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen.
“Qo‘shma Shtatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari mamlakat chegaralarini himoya qilish borasidagi izchil sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaydi. Sizning sa’y-harakatlaringiz O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligini ta’minlashga, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar xavfsizligiga ham hissa qo‘shmoqda. Bugun qabul qilinayotgan uskunalar O‘zbekiston Respublikasi bilan transmilliy xavfsizlik tahdidlarining keng doirasiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli hamkorligimizning faqat bir qismidir”, - Toshkentdagi AQSh elchixonasining Xavfsizlik bo‘yicha yordam masalalari koordinatori Patrik Pratt ta’kidlab o’tdi.
Mazkur ko‘mak Germaniya, Shvetsiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Fransiya tomonidan moliyalashtirilayotgan YXHTning “Afg‘onistondan kelib chiqadigan transchegaraviy muammolarga qarshi kurashishda O‘zbekistonning barqarorligini mustahkamlash” nomli byudjetdan tashqari loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, 4 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti huzuridagi Malaka oshirish fakultetida loyiha ishchi guruhining koordinatsion yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda YXHT, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bojxona instituti, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari hamda Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida loyiha doirasida erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi, shuningdek, 2026–2027 yillarga rejalashtirilgan yangilangan loyiha yo‘l xaritasi muhokama qilinib, kelishib olindi.