News Item
Yosh tinchlik bunyodkorlarning transchegaraviy tashabbusi Farg'onada ish boshladi
- Issued on:
- Issued by:
- OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan
- Fields of work:
- Yoshlar
Yosh tinchlik bunyodkorlarining transchegaraviy hamkorlik tashabbusi bugun Farg‘onada o‘z ishini boshladi. Tashabbus Farg‘ona vodiysi bo‘ylab muloqot, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning chegara hududlaridan 30 nafardan ortiq yosh ishtirokchilarni bir joyga jamladi.
Yosh tinchlik bunyodkorlarining transchegaraviy hamkorlik tashabbusi ishtirokchilari
Mazkur tashabbus Farg‘ona tinchlik jarayoni doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon Qirg‘iziston–Tojikiston davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitim, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan Xo‘jand shahrida imzolangan uch tomonlama bitim hamda deklaratsiya, shuningdek, “Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish” shiori ostida yo‘lga qo‘yilgan Farg‘ona tinchlik forumiga asoslanadi. Tashabbus chegara hududlarida yashovchi yoshlarning fikr va g‘oyalarini ishonchni mustahkamlash, hamkorlikni rivojlantirish hamda umumiy taraqqiyotga oid muhokamalarga jalb etish orqali ushbu jarayonga ularning amaliy hissa qo‘shishini maqsad qilgan.
Markaziy Osiyo yoshlari "Yosh tinchlik bunyodkorlarining transchegaraviy hamkorlik tashabbusi" ochilish marosimida
Tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (UNRCCA), Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori hamda YXHTning Mediatsiyani qo‘llab-quvvatlash guruhi tomonidan Insonparvarlik muloqoti markazi, CMI – Martti Ahtisaari Tinchlik jamg‘armasi va PeaceNexus hamkorligida tashkil etilgan.
Tadbirda Qirg‘izistonning Botken va O‘sh viloyatlari, Tojikistonning Sug‘d viloyati hamda O‘zbekistonning Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan davlat organlari vakillari, chegara hududlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, yoshlar va fuqarolik jamiyati faollari, shuningdek, mahalliy hamjamiyatlarning yosh yetakchilari ishtirok etmoqda.
Tashabbus Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlaridan 30 dan ortiq yosh ishtirokchilarni birlashtirdi
Dasturda BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (UNRCCA) Tinchlik diplomatiyasi akademiyasi bitiruvchilari ham ishtirok etmoqda. Bu UNRCCAning "Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibi doirasidagi faol ishtirokini hamda muloqot, mojarolarning oldini olish va mintaqaviy hamkorlikka hissa qo‘sha oladigan Markaziy Osiyodagi yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashini aks ettiradi.
To‘rt kun davomida ishtirokchilar yoshlar va ayollarning ishtiroki, mas’uliyatli muloqot, iqlim va ekologik xavfsizlik, transport va o’zaro bog‘liqlik, shuningdek, amaliy transchegaraviy hamkorlik masalalariga bag’ishlangan muloqotlar, interaktiv mashg‘ulotlar va guruh ishlarida qatnashadilar. Tashabbus Farg‘ona tinchlik jarayoniga yoshlar tomonidan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi, jumladan, mahalliy darajada ishonchni mustahkamlash choralari hamda yoshlarning Farg‘ona vodiysini tinchlik, taraqqiyot va o‘zaro bog‘liqlik makoni sifatida shakllantirishdagi roli bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Markaziy Osiyoda YXHT va BMT hamkorligiga bagʻishlangan sessiya
Ochilish sessiyasida BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili hamda UNRCCA rahbari Kaxa Imnadze Farg‘ona vodiysidagi ijobiy jarayonlarni barqaror davom ettirish va mintaqaviy muloqotni mahalliy hamjamiyatlarning tajriba va intilishlari bilan bog‘lashda yoshlar ishtirokining muhimligini ta’kidladi.
“Yoshlar Farg‘ona tinchlik jarayonining kuzatuvchilari bo‘lmasligi kerak; ular uning amaliy mazmunini shakllantirish jarayonining bir qismi bo‘lishi lozim. Farg‘ona vodiysi uzoq yillar davomida bog‘lovchi makon - yo‘llar, bozorlar, oilalar va madaniyatlar makoni bo‘lib kelgan. Uning kelajakda tinchlik, taraqqiyot va o‘zaro bog‘liqlik hududi sifatida rivojlanishi ham chegaralar osha yoshlar tomonidan yaratiladigan g‘oyalar, ishonch va hamkorlikka bog‘liq”, dedi u.
YXHTdagi Shveysariya raisligining muloqot va ishonchni mustahkamlash bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serj Rumin esa barqaror tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashda muloqot va ishonchning o‘rnini ta’kidladi.
“Muloqot shunchaki suhbat emas. Bu tinglashga, turli qarashlarni tushunishga va har doim ham barcha masalada bir hil fikrga kelmasak-da, birgalikda ishlashga tayyorlikdir. Muloqot ishonchni mustahkamlaydi, ishonch esa hamkorlik uchun imkoniyat yaratadi. Shu sababli yoshlar ishtiroki juda muhim. Siz yangi g‘oyalar, yangi qarashlar va muammolarni hal etishning yangi usullarini olib kelasiz”, dedi u.
YXHTdagi Shveysariya raisligining muloqot va ishonchni mustahkamlash bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serj Rumin
YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen Farg‘ona vodiysida tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashda yoshlar ishtirokining muhimligini ta’kidladi.
“Yoshlar chegaralar osha ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Farg‘ona vodiysining turli hududlaridan ishtirokchilarni bir joyga jamlagan ushbu tashabbus bir-biridan o‘rganish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va mintaqada tinchlik hamda barqarorlikka hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatish uchun imkoniyat yaratadi”, dedi u.
Tashabbus yoshlarning qarashlari va amaliy tavsiyalari orqali Farg‘ona tinchlik jarayonini amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi hamda yoshlarning tinchlikni mustahkamlash, ishonchni kuchaytirish, o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va umumiy taraqqiyotga hissa qo‘shishdagi faol ishtirokini yana bir bor tasdiqlaydi.