Skip Links

News Item

Qayta travmatizatsiyasiz odil sudlov: Oʻzbekistonda zoʻravonlik qurboni boʻlgan bolalar bilan ishlash boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda

Issued on:
Issued by:
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalar odil sudlov jarayoniga jalb qilinganda, ular o‘zlarini xavfsiz his etishlari, fikrlari inobatga olinishini bilishlari va himoyada ekanliklariga ishonch hosil qilishlari zarur. Bolaning qay darajada erkin ko‘rsatma bera olishi, jarayonni tushunishi va takroriy ruhiy jarohatlanishdan himoyalanishi, asosan, u muloqot qiladigan mutaxassislar - sudyalar, prokurorlar va odil sudlov tizimining boshqa vakillari faoliyatiga bog‘liqdir. Bola manfaatlariga moslashtirilgan odil sudlov barcha jarayonlarning yanada tushunarli, qulay, o‘z vaqtida o‘tkazilishini hamda bolaning yoshi, huquqlari, xavfsizligi va shaxsiy ehtiyojlari hisobga olinishini taqozo etadi. Prezidentning 2025-yil 24-dekabrdagi 256-sonli farmoni bilan tasdiqlangan 2026-2030-yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasiga ko‘ra, odil sudlov tizimi mutaxassislarining bilim va kasbiy malakasini oshirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Trening ishtirokchilari

Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalar bilan bog‘liq ishlarni yurituvchi mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida Bolalar ombudsmani, Oliy sud, Bosh prokuratura, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori va UNICEF o‘rtasidagi hamkorlik doirasida jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar va prokuror yordamchilari uchun o‘quv treninglari o‘tkazildi.

"Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani prokuratura xodimlari uchun ushbu trening alohida ahamiyatga ega, chunki aynan bizning hududimizda ilg‘or "Barnahus" modeli joriy etilmoqda. O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etar ekan, bizning bosh vazifamiz - bolalarni ham real hayotda, ham raqamli makonda himoya qilishdir. Mazkur treningda ishtirok etish orqali biz nafaqat quruq tergov olib borishni, balki eng muhimi - bola bilan nihoyatda ehtiyotkorona, uning manfaatlariga muvofiq muloqot qilishni o‘rganyapmiz. Xalqaro tajriba bizga bolalarni ruhan qayta jarohatlamasdan, jinoyatlarni, shu jumladan onlayn sodir etilganlarini ham samarali fosh etish ko‘nikmalarini bermoqda," - dedi Shahzod Sagdullayev, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani prokuror yordamchisi.

Trening zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalar bilan bog‘liq ishlarni yurituvchi mutaxassislarning malakasini oshirishga xizmat qildi

Mashg‘ulotlar davomida bola huquqlari va bolalar uchun do‘stona odil sudlov sohasidagi xalqaro standartlar, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va ularning ekspluatatsiya masalalari, bunday ishlarda dalillarni to‘plash va baholashning o‘ziga xos jihatlari, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashning idoralararo va sektorlararo mexanizmi sifatida “Barnahus” modeli, shuningdek, bola bilan tergov suhbatini o‘tkazish asoslari, jumladan, audio va video yozuvlarni baholash kabi dolzarb mavzular ko‘rib chiqildi.

«Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiya doirasida O‘zbekistonda yangi tajriba — "Barnahus" modeli joriy etilmoqda va ushbu loyiha dastlab Samarqand viloyatida tatbiq etilayapti. Mazkur seminar-trening odil sudlovni bola manfaatlariga muvofiqlashtirish borasida amalda oshirishda muhim bosqich bo‘ldi. Unda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ishlarini ko‘rish, bolalardan ko‘rsatmalarni to‘g‘ri olish va ularni baholash xususiyatlarini batafsil o‘rgandik. O‘zbekiston sudyalari 1992-yilda ratifikatsiya qilingan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga tayanib, bolalar huquqlarini himoya qilishda qat’iy pozitsiyada turadi,» - dedi Zarifa Ahmedova, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sudyasi.

Sertifikatlarni topshirish marosimi

O‘quv mashg‘ulotlari yakunida Samarqand viloyati, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan 18 nafar jinoyat ishlari bo‘yicha sudya hamda 25 nafar prokuror yordamchisi bolalar ishtirokidagi ishlarni tergov qilish va ko‘rib chiqishda bolaga do‘stona yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab oldi. Olingan bilimlar joriy yilda Samarqand viloyatida ochilishi kutilayotgan O‘zbekistondagi ilk “Barnahus” markaziga tayyorgarlikni yanada kuchaytirishga ham xizmat qiladi.


Contacts

Guzal Fayzieva

Media and Communication Programme Associate

OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

121 Zulfiyaxonim Street, Shayxontohur District
100128 Tashkent
Uzbekistan