Skip Links

News Item

YXHT Jizzaxda sudyalar uchun kiberjinoyatchilik bo‘yicha o‘quv kursini tashkil etdi

Issued on:
Issued by:
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

2026-yilning 29 va 30-iyul kunlari Jizzax viloyatida “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar: aniqlashdan sud qarorigacha” mavzusida o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Tadbir YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Trening kiberjinoyatlarga oid ishlarni ko‘rib chiqishda mahalliy sudyalarning kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida o‘tkazildi.

Raqamli texnologiyalar huquqiy sohani jadal o‘zgartirayotgan bir sharoitda, sudyalar murakkab kiberhuquqbuzarliklarni - onlayn-firibgarlik va tizimlarga noqonuniy kirishdan tortib, raqamli tovlamachilikgacha bo‘lgan qilmishlarni ko‘rib chiqishda muqaddam kuzatilmagan muammolarga duch kelmoqdalar. Bu kabi tahdidlardan doimo bir qadam oldinda bo‘lish nafaqat zamonaviy texnologiyalarni chuqur tushunishni, balki jadal raqamlashayotgan dunyoda odil sudlovni aniq va adolatli amalga oshirish uchun eng ilg‘or sud-huquq ekspertizasi ko‘nikmalarini egallashni ham talab etadi.

Ikki kunlik trening davomida ishtirokchilar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy jihatlariga, jumladan, kiberhuquqbuzarliklarga to‘g‘ri huquqiy baho berish, raqamli dalillarni to‘plash, saqlash va baholash hamda raqamli kriminalistika va sud-ekspertiza tahlili asoslariga alohida e'tibor qaratdilar. Blokcheyn texnologiyalari, kripto-aktivlar, darknetdagi kiberjinoyatlar va transmilliy kiberishlarda raqamli dalillarni olish bo‘yicha xalqaro hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

“YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan tashkil etilgan ushbu seminar-trening puxta tayyorlangan bo‘lib, unda o‘ta dolzarb masalalar, jumladan, kiberjinoyatlarni to‘g‘ri malakalash, shuningdek, raqamli dalillarni to‘plash, saqlash va baholash kabi mavzular qamrab olindi. Olingan bilimlar kelgusida sud amaliyotida samarali xizmat qiladi. Bunday seminar-uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish va unga imkon qadar ko‘proq sudyalarni jalb etish juda muhim, chunki bu nazariy bilimlarni boyitish bilan birga, amaliy muammolarni hal etishga ham yordam beradi”, - dedi Jizzax viloyat sudi raisi o‘rinbosari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi Tolibjon Xaydarov.

Ushbu tadbir YXHTning “Kiber va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishda milliy salohiyatni rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan turkum o‘quv mashg‘ulotlarining bir qismi bo‘ldi. Rivojlanib borayotgan raqamli tahdidlarga munosib javob berishda sud tizimi salohiyatini uzluksiz mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonning turli viloyatlarida ham shunday kurslar o‘tkazib kelinmoqda.


Contacts

Guzal Fayzieva

Media and Communication Programme Associate

OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

121 Zulfiyaxonim Street, Shayxontohur District
100128 Tashkent
Uzbekistan