News Item
YXHT va xalqaro ekspertlar Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII kongressida sun’iy intellektdan foydalanish masalalarini muhokama qildilar
- Issued on:
- Issued by:
- OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan
1–2-oktabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII Kongressida 20 dan ortiq mamlakatning konstitutsiyaviy sudlari sudyalari hamda yetakchi ekspertlari ishtirok etdi.
100 dan ortiq ishtirokchi raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan inson huquqlari hamda sud mustaqilligini ta’minlash, shuningdek, odil sudlov samaradorligini oshirish yo‘lida foydalanish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston 2025-2027 yillarda Assotsiatsiyaga raislik qilib kelmoqda. YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi bilan hamkorlik doirasida Kongressni tashkil etishni qo‘llab-quvvatladi.
Kongressdagi nutqida YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen sun’iy intellektning imkoniyatlari va xavf-xatarlariga, jumladan, inson huquqlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatolar va noxolislik holatlariga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellektdan foydalanish insonlarning adolatli sudlovga bo‘lgan huquqini, shuningdek, o‘zlariga taalluqli qarorlarning mohiyatini tushunish va ularning shikoyat qilish imkoniyatini cheklamasligi kerak.
Niderlandiya Davlat kengashi a’zosi, professor Yanneke Gerards sun’iy intellektning afzalliklarini baholashda uning insonlar o‘rtasidagi muhim muloqot va o‘zaro aloqalarni cheklash ehtimolini ham hisobga olish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u texnologik taraqqiyotga mos ravishda takomillashtirib borish mumkin bo‘lgan moslashuvchan tartibga solish mexanizmlarini joriy etish tarafdori ekanini bildirdi.
Forum raqamli davrda barqaror va inson huquqlariga yo‘naltirilgan konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasiga asos bo‘ladigan Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi bilan yakunlandi.