News Item
YXHT Sirdaryo havzasida suv sifatini monitoring qilishni qo‘llab-quvvatlamoqda
- Issued on:
- Issued by:
- OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan
- Fields of work:
- Атроф-муҳитни муҳофаза қилиш
Suv aholi salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va jamoatchilik farovonligi uchun muhim ahamiyatga ega. Suv sifatini muntazam monitoring qilish uning sifat o‘zgarishlarini kuzatish, ifloslantiruvchi moddalarni aniqlash, hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishga yordam beradi. YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Sirdaryo havzasida transchegaraviy suv oqimlari monitoringini amalga oshirishda Ekologik monitoring milliy markazi bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.
Sirdaryo havzasida suv va choʻkindilardan namunalar olish jarayoni
Amaliy hamkorlik: YXHT vakillari va ekologiya mutaxassislari dala sharoitida
Ushbu ishlar doirasida yer usti suvlari va tub cho‘kindilarining kimyoviy tarkibi o‘rganiladi. Bu mutaxassislarga daryoning yuqori oqimida joylashgan konchilik va sanoat korxonalarining chiqindilari, shuningdek, boshqa ifloslanish manbalari tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ifloslanish xavfini baholashga yordam beradi.
“Biz bir necha yillardan buyon Sirdaryo havzasida suv sifati va ifloslanish darajasini monitoring qilishda milliy hamkorlarimizga ko‘maklashib kelmoqdamiz”, - dedi YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen. “Suv va tabiiy resurslar davlat chegaralarini tan olmaydi. Milliy hamkorlarimiz qo‘shni mamlakatlardagi hamkasblari bilan yaqindan hamkorlik qiladi hamda YXHT ko‘magida olib borilayotgan monitoring natijasida to‘plangan ma’lumotlarni o‘zaro almashadi. Bu shaffoflikni ta’minlashga va umumiy ekologik muammolarga yechim topishga yordam beradi”.
Ekologik ma’lumotlar va suv sifati yuzasidan joylarda muhokama
Ekologik monitoring milliy markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Zafar Kayumov ta’kidlaganidek, YXHT bilan ko‘p yillik hamkorlik ekologik tahlil sohasida milliy salohiyatni mustahkamlashga yordam berdi. Olingan natijalar ifloslanish tendensiyalarini kuzatish, aholi va ekotizimlar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholash hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qarorlarni qabul qilishda ilmiy dalillarga asoslangan muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ekologik monitoring jarayoni
Suv monitoringi faoliyatini va transchegaraviy ma’lumot almashinuvini qo‘llab-quvvatlash orqali YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori milliy hamkorlarga ekologik xavflarni o‘z vaqtida aniqlashga ko‘maklashish, umumiy suv resurslarini barqaror boshqarishni qo‘llab-quvvatlashga hamda ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.