News Item

Kelajak tashabbuslarini shakllantirish: Toshkentda yoshlar tinchlik va xavfsizlik masalalarini muhokama qildi

Issued on:
Issued by:
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

Yoshlarning jamiyatda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshishida bevosita muloqot hamda oʻzaro tajriba almashinuvi muhim oʻrin tutadi. YXHTning soʻnggi tashabbuslari - Toshkentdagi “YXHT Modeli”dan tortib Fargʻona vodiysidagi chegaralararo muloqotlargacha boʻlgan loyihalar ishtirokchilar uchun gʻoyalar almashish va oʻz qarashlarini amaliy takliflarga aylantirish imkonini beruvchi noyob maydon boʻldi.

Ushbu saʼy-harakatlarning davomi sifatida YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori 20-oktyabr kuni Toshkent shahrida «YXHT Modeli» bitiruvchilarining uchrashuvini tashkil etdi. “YXHT Modeli” bitiruvchilari hamda YXHTning boshqa yoshlar loyihalari, jumladan, “Yosh tinchlikparvarlar” chegaralararo tashabbusi ishtirokchilarini bir joyga jamlagan ushbu uchrashuv orttirilgan tajribani sarhisob qilish va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muloqot maydoni boʻlib xızmat qildi. Muhokamalar yoshlar ishtirokini oshirishdagi toʻsiqlarni bartaraf etish, mahalliy darajadagi tashabbuslarni ilgari surish hamda avvalgi loyihalar natijalari va orttirilgan tajribaga tayanib, kelgusidagi hamkorlik yoʻnalishlarini belgilashga qaratildi.

Toshkentdagi Model YXHT qatnashchilari uchrashuvi

Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi koʻmagida tashkil etilgan Yoshlar maslahat kengashi hamraisi Anastasiya Shikina Fargʻona vodiysidagi “Yosh tinchlikparvarlar” chegaralararo tashabbusining amaliy ahamiyatini alohida taʼkidladi:

“Yoshlarga tinchlik va xavfsizlik masalalaridagi shunchaki tinglovchi emas, balki bu jarayonlarni shakllantirishda teng huquqli hamkor sifatida qarash lozim. Ushbu tashabbus tufayli Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston yoshlari oʻzaro ishonchni mustahkamlash, desinformatsiyaga qarshi kurashish hamda umumiy ekologik muammolarni hal etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqdilar. Mazmunli ishtirok - bu jarayonlar kelajagiga bevosita taʼsir koʻrsatish imkoniyatidir”.

Umumiy maqsadlar yo‘lida birgalikda: YXHTning yoshlar tashabbuslari ishtirokchilari samarali muhokamalarga boy kundan so‘ng

2024-yilda Oʻzbekistondagi ilk “YXHT Modeli” loyihasida ishtirok etgan Otabek Turgunboyevning taʼkidlashicha, diplomatik simulyatsiyalar muzokaralar olib borish va tanqidiy fikrlash kabi muhim koʻnikmalarni rivojlantirib, amaliy tajribani boyitadi.

“Oʻsha paytdan beri mening diplomatiya, preventiv diplomatiya hamda yoshlarning tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashdagi ishtirokiga boʻlgan qiziqishim muttasil ortib bormoqda, - deydi Otabek. - Ortga nazar tashlab, «YXHT Modeli» kabi loyihalarning qadr-qimmatini faqat berilgan koʻnikmalardagina emas, balki tadbir yakunlanganidan keyin ham uzoq vaqt oʻylantiradigan dolzarb savollarda koʻraman.”

Uchrashuvda bildirilgan fikr-mulohazalar, innovatsion tavsiyalar hamda amaliy takliflar “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini ilgari surishning ustuvor yoʻnalishlari va yangi imkoniyatlarini koʻrsatib berdi. Yoshlarni bir joyga jamlagan ushbu tadbir tinchlik va xavfsizlikka inklyuziv yondashuvlarni mustahkamlash uchun yoshlar hamda qaror qabul qiluvchi shaxslar oʻrtasidagi mazmunli muloqot maydonlarini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlash muhimligini yana bir bor tasdiqladi.


Contacts

Guzal Fayzieva

Media and Communication Programme Associate

OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

121 Zulfiyaxonim Street, Shayxontohur District
100128 Tashkent
Uzbekistan