News Item

YXHT Markaziy Osiyoda turizm va mehmonxona-restoran biznesi ta’minot zanjirlarida odam savdosi va mehnat ekspluatatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy seminar tashkil etdi

Issued on:
Issued by:
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan, Office of the Special Representative and Co-ordinator for Combating Trafficking in Human Beings

2026-yil 2–3-noyabr kunlari Toshkent shahrida “Markaziy Osiyoda turizm va mehmonxona biznesi sohasidagi ta’minot zanjirlarida odam savdosi va mehnat ekspluatatsiyasining oldini olish” mavzusida ikki kunlik mintaqaviy seminar tashkil etildi. Seminarda Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, turizm va mehmonxona biznesi vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etib, turizm va mehmonxona biznesi ta’minot zanjirlarida odam savdosi va mehnat ekspluatatsiyasining oldini olishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Seminar davomida odam savdosi va mehnat ekspluatatsiyasiga qarshi kurashish, xodimlar va bolalar himoyasini kuchaytirish, shuningdek, turizm va mehmonxona biznesi sohalarida mas’uliyatli tadbirkorlik amaliyotini rivojlantirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda odam savdosi va mehnat ekspluatatsiyasining oldini olish bo‘yicha milliy yondashuvlarni muhokama qildilar. Davlat idoralari vakillari o‘z taqdimotlarida mehnat inspeksiyasi faoliyati samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash hamda mehnat qonunchiligiga rioya etish muhimligini ta’kidladilar. Xalqaro ekspertlar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatida inson huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish, mas’uliyatli turizmni rivojlantirish va zaif vaziyatga tushib qolgan xodimlarni himoya qilish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Bundan tashqari, turizm va mehmonxona xizmatlari ko‘rsatishda bolalar xavfsizligini ta’minlash va ularni himoya qilish choralarini joriy etish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

«Mehmonlar o‘z xonalarini tozalaydigan va ular uchun taom tayyorlaydigan xodimlarga adolatli munosabatda bo‘linayotganiga ishonch hosil qilishlari kerak», - dedi O‘zbekiston bo‘yicha YXHT loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen. «Insonlarni himoya qilish - bu turizm sohasiga kiritilgan investitsiya hamdir. Zero, ushbu soha yangi ish o‘rinlarini yaratadi va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi».

YXHTning Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili va koordinatori ofisining katta maslahatchisi hamda ta’minot zanjirlari bo‘yicha loyiha rahbari Fabian Bonertz ta’kidlaganidek, turizm sohasining rivojlanishi xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi lozim.

«Inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni kuchaytirish, mas’uliyatli ishga yollash amaliyotini targ‘ib qilish va ta’minot zanjirlari bo‘ylab hamkorlikni takomillashtirish orqali turizm sohasining rivojlanishi zaif vaziyatdagi xodimlar ekspluatatsiyasi hisobiga amalga oshirilmasligini ta’minlashga hissa qo‘shishimiz mumkin».

Ishtirokchilar turizm va mehmonxona biznesi ta’minot zanjirlarida odam savdosi va mehnat ekspluatatsiyasining oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdilar. Guruh mashg‘ulotlari va mintaqaviy muhokamalar davomida ta’minot zanjirlarining shaffofligini oshirish, davlat organlari, biznes vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini belgilab oldilar.

Tadbir YXHTning Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili va koordinatori ofisi tomonidan YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan yaqin hamkorlikda hamda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya hamkorligida tashkil etildi. Tadbir Ostonadagi YXHT Dastur ofisi, Bishkekdagi YXHT Dastur ofisi, Dushanbedagi YXHT Dastur ofisi va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida o‘tkazildi.


Contacts

Guzal Fayzieva

Media and Communication Programme Associate

OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

121 Zulfiyaxonim Street, Shayxontohur District
100128 Tashkent
Uzbekistan