News Item

YXHT huquqni muhofaza qilish sohasida ayollar yetakchiligini kuchaytirishga ko‘maklashmoqda

Issued on:
Issued by:
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

Ayollarning yetakchiligi, teng imkoniyatlarni ta’minlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ayollarning o‘zgarib borayotgan roli 19-noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro seminar-treningning asosiy mavzularidan bo‘ldi. Tadbir O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Germaniya va YXHTning boshqa ishtirokchi davlatlaridan ekspertlarni bir joyga jamladi.

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida o‘tkazilgan “Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ayollarning roli va yetakchiligini kuchaytirish: xalqaro standartlardan milliy amaliyot sari” mavzusidagi seminar-trening amaliy tajriba almashish, milliy yondashuvlarni ko‘rib chiqish hamda ayollarning kasbiy rivojlanishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish yo‘llarini muhokama qilish uchun maydon yaratdi.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Artiqova bu boradagi milliy sa’y-harakatlarning muhimligini ta’kidladi: “О‘zbekiston Prezidentining qat’iy siyosiy irodasi xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotida, jumladan, huquqni muhofaza qilish tizimida o‘zining munosib o‘rnini egallashi uchun imkoniyat yaratmoqda”.

Muhokamalar faqat ayollarning tizimdagi vakilligi va son ko‘rsatkichlari bilan cheklanib qolmay, tashkilotlar ularning bilim va tajribasi, shuningdek, yetakchilik salohiyatidan yanada samarali foydalanishi uchun qanday sharoitlar yaratishi lozimligiga ham qaratildi. Qozog‘iston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining birinchi prorektori Saule Saparaliyeva shunday dedi: “Bizning vazifamiz shunchaki huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ayollar ishtirokini ta’minlash emas, balki ularning bilimlari, kasbiy salohiyati va yetakchilik qobiliyatidan jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida to‘liq foydalanish imkonini beradigan sharoitlarni yaratishdan iborat”.

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Kolenko esa quyidagilarni ta’kidladi: “Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat yuritayotgan ayol shunchaki mehnat jamoasining bir qismi emas, balki institutsional o‘zgarishlarning to‘laqonli ishtirokchisidir. U professional yetakchilikning yangi standartlarini shakllantirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va ijtimoiy mas’uliyatni mustahkamlashga hissa qo‘sha oladi”.

Ishtirokchilar milliy islohotlar va xalqaro tajriba, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi, xavfsizlik sektorini isloh qilish jarayonlarida ayollar yetakchiligi, gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish, shuningdek, sun’iy intellekt va gender adolati kabi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Qarorlar qabul qilish jarayonida ayollarning real vakolatga ega bo‘lishi zarurligiga urg‘u berar ekan, YXHTning Moldovadagi missiyasi rahbari o‘rinbosari Izabela Silviya Hartmann xavfsizlik sektoridagi ayollar ishtirokini nafaqat ushbu tizimga qancha ayol kirib kelayotgani, balki ularning qanchasi rahbarlik lavozimlarini egallayotgani, operatsiyalarga boshchilik qilayotgani, strategiyani shakllantirayotgani va qarorlar qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatayotgani bilan ham baholash lozimligini ta’kidladi: “Vakillik muhim, biroq haqiqiy tenglik xavfsizlik tizimining barcha bo‘g‘inlarida - politsiya va razvedka xizmatlaridan tortib chegara boshqaruvi, jinoyatlarni tergov qilish, moliyaviy razvedka va korrupsiyaga qarshi kurashishgacha - real vakolatga ega bo‘lishni anglatadi”, - dedi u.

Qirg‘iziston Politsiyadagi ayollar assotsiatsiyasi raisi, professor va Xalqaro politsiyachi ayollar assotsiatsiyasi a’zosi Kaana Aidarkulning fikricha, konferensiyaning asosiy ahamiyati turli mamlakatlarning tajribalarini bir maydonda birlashtirish imkonini berganidadir: “Ayollar huquqlarini himoya qilish mintaqamiz uchun, ayniqsa, huquqni muhofaza qilish sohasida ustuvor ahamiyatga ega”, - dedi u. “Ushbu seminar bizga amaliy mexanizmlarni muhokama qilish, xalqaro tajriba hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Yevropa mamlakatlarining milliy tajribasini o‘rganish, shu bilan birga o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashish imkonini berdi. Kelgusida ham bunday muloqot maydonlarida tez-tez uchrashib turamiz, degan umiddaman”.

Seminar-trening yakunida barqaror hamkorlik va axborot almashinuvini davom ettirish, mentorlik tashabbuslarini rivojlantirish hamda ekspertlarning umumiy ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.


Contacts

Guzal Fayzieva

Media and Communication Programme Associate

OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan

121 Zulfiyaxonim Street, Shayxontohur District
100128 Tashkent
Uzbekistan