News Item
YXHT O‘zbekistonda mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollarning reintegratsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun hududiy mutaxassislarni o‘qitmoqda
- Issued on:
- Issued by:
- OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan
16–20-noyabr kunlari YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollarning gender jihatlarini hisobga olgan holda reintegratsiyasi va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan besh kunlik trenerlar uchun trening o‘tkazdi.
Treningda 11 ta hudud va Toshkent shahridan 19 nafar ishtirokchi, jumladan, Qo‘mita mutaxassislari, mahallalardagi xotin-qizlar faollari, shuningdek, xotin-qizlar markazlari, tadbirkorlik markazlari va nodavlat tashkilotlar vakillari qatnashdi. Trening ularning gender jihatlarini hisobga olgan holda maslahat berish, tegishli qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga yo‘naltirish, moliyaviy va raqamli savodxonlik hamda tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratildi. Ishtirokchilar, shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish bo‘yicha amaliyot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollar bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislar sifatida ishtirokchilar olingan bilimlarni o‘z hududlarida amalda qo‘llash va boshqalar bilan ulashish imkoniyatiga ega. Jumladan, bu ayollarga oila moliyasini va qarz majburiyatlarini boshqarish, davlat elektron xizmatlaridan xavfsiz foydalanish, firibgarlik alomatlari mavjud bo‘lgan ish takliflarini aniqlash, o‘zini o‘zi band qilish va kichik biznes imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, mavjud qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan foydalanishda ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi. Trening, shuningdek, ishtirokchilarni mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollarning o‘ziga xos sharoitlarini, jumladan, oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlari, internetdan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi va ma’lum vaqt xorijda bo‘lgandan so‘ng qayta moslashish bilan bog‘liq qiyinchiliklarni hisobga olgan holda mashg‘ulotlar o‘tkazishga tayyorladi.
Trening Germaniya, Norvegiya, Turkiya va Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtirilayotgan "Ayollar mehnat migratsiyasini samarali boshqarish va mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashish" byudjetdan tashqari loyihasi doirasida tashkil etildi.