News Item
"Central Asian Model OSCE 2026" Toshkentda Markaziy Osiyo yoshlarini jamladi
- Issued on:
- Issued by:
- OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan
2026-yil 27-apreldan 1-maygacha Toshkentda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan 25 nafar ishtirokchini birlashtirgan "Central Asian Model OSCE 2026" yoshlar ta’lim tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir diplomatik simulyatsiya formatida o‘tkaziladi - bu xalqaro muzokaralar jarayonini amaliy tarzda modellashtiruvchi interaktiv mashg‘ulot bo‘lib, unda ishtirokchilar diplomatlar rolini bajarib, inqirozli vaziyatlarni muhokama qiladi, rezolyutsiyalar ishlab chiqadi va davlatlar manfaatlarini himoya qiladi. Central Asian Model OSCE 2026 Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan YXHTning Ostona, Bishkek va Dushanbedagi Dasturiy ofislari bilan hamkorlikda Xalqaro Nordik Universitetida tashkil etilmoqda.
«Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) modeli yoshlar uchun diplomatiya va muzokaralar sohasida amaliy tajriba orttirish imkonini yaratadi, shu bilan birga xalqaro tashkilotlar faoliyatini chuqurroq anglashlariga xizmat qiladi. Markaziy Osiyoning turli mamlakatlaridan ishtirokchilarni birlashtirgan ushbu tashabbus mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadi hamda xavfsizlik sohasidagi umumiy muammolarni hal etishda yoshlarning faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi», - dedi Antti Karttunen, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori.
O‘zbekistondagi YXHTning loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen "Central Asian Model OSCE 2026" tadbirida nutq so‘zlamoqda
Besh kun davomida ishtirokchilar YXHT faoliyati bilan yaqindan tanishadilar, xavfsizlik sohasidagi dolzarb muammolar, qaror qabul qilish jarayonida yoshlarning o‘rni hamda BMT Xavfsizlik Kengashining 2250-sonli “Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasini o‘rganadilar.
“Men uchun YXHT modelida ishtirok etish - xalqaro qarorlar qanday qabul qilinishini va diplomatik muloqot qanday shakllanishini yaxshiroq tushunish imkoniyatidir. Jurnalist sifatida men uchun omma oldida chiqish, dalillash va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan yoshlar bilan tajriba almashish juda muhim”, - dedi Tojikistonlik ishtirokchi Nigora Ilolova.
"Central Asian Model OSCE 2026" tadbiri doirasidagi muhokamalar
Dasturda amaliy o‘quv shakllariga alohida urg‘u berilgan bo‘lib, ular interaktiv mashg‘ulotlar va diplomatik bahs-munozaralarni, shuningdek YXHTning Doimiy kengashi faoliyatining to‘liq miqyosdagi simulyatsiyasini o‘z ichiga oladi. Unda yoshlar diplomatlar rolida ishtirok etib, dolzarb kun tartibi yuzasidan ko‘p tomonlama muzokaralar olib boradilar. Shu bilan birga, gender tengligi, inklyuziv ishtirok hamda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda yoshlarning o‘rni masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
“Central Asian Model OSCE 2026” dasturi ishtirokchilarga xalqaro diplomatiya sohasida ham nazariy bilimlar, ham amaliy tajriba taqdim etib, muzokaralar olib borish, konsensusga erishish hamda konstruktiv ko‘p tomonlama muloqotni yo‘lga qo‘yish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.